АВТОКРЕДИТНИ СУҒУРТАЛАШ

 

 

Sug'urtalovchi, mazkur sug'urta shartnomaning shartlariga muvofiq, shartnomada belgilangan sug'urta hodisasi yuzaga kelganda kredit shartnomasida ko'rsatilgan sug'urta qildiruvchining olgan kredit summasini sug'urta polisida ko'rsatilgan sug'urta davri mobaynida qaytara olmagan qismini to'lab berish hamda kredit shartnomasi asosida harid qilinadigan (garovga qo'yilayotgan) avtotransport vositasiga etkazilgan zararni qoplashni zimmasiga oladi. Sug'urta qildiruvchi esa mazkur sug'urta shartnomasida ko'zda tutilgan tartibda va muddatlarda sug'urta mukofotini (badalini) to'lashni zimmasiga oladi.

Mazkur sug'urta shartnomasi bo'yicha quyidagi risklar sug'urta qilinadi:

Qarz oluvchining olgan kreditini qaytara olmaslik javobgarligini sug'urta qilish - sug'urta hodisasi bo'lib qarz (kredit) oluvchining maqsadli ishlatilgan kredit summasini kredit beruvchiga kredit sharnomasida belgilangan muddatda kaytara olamasligi hisoblanadi. Sug'urtalovchining majburiyati kredit shartnomasida ko'rsatilgan qaytarish muddati kelganidan so'ng 60 kun o'tib yuzaga keladi.

Avtotransport vositasining yo'qotilishi yoki shikastlanishi - sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchiga yoki naf oluvchiga sug'urta shartnomasiga binoan kredit shartnomasi asosida harid qilingan (sug'urtalangan) avtotransport vositasining olib qochib ketish, o'g'irlash, yong'in, portlash, buyumlarning zarbasi, yo'l-transport hodisasi (YTH), uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari va tabiiy ofatlar natijasida yuz bergan jismoniy yo'qotilishidan yoki shikastlanishidan bevosita zararlarni qoplab beradi.

Qarz oluvchining olgan kreditini qaytara olmaslik javobgarligini sug'urta qilish bo'yicha:

sug'urta hodisasi yuzaga kelganda sug'urta qildiruvchi 3 (uch) kunlik muddatda sug'urtalovchini belgilangan tartibdagi ariza bilan kreditning qaytarilmaslik sabablari va uni qaytarish bo'yicha ko'rilayotgan barcha choralari to'g'risida yozma tarzda murojaat qiladi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim 

 -kredit bo'yicha qarzdorlik aks ettirilgan hujjat;

 -kreditni maqsadli ishlatilganligini va belgilangan muddatlarda uni qaytarilishi bo'yicha ko'rilgan choralarni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari.

Kredit belgilangan muddatda qaytarilmaganda, naf oluvchi birinchi navbatda garovdagi ta'minot (mulk) yoki olingan kafillikdan foydalanadi (undiriladi), so'ng qarz oluvchining olgan kreditini qaytara olmaslik javobgarligini sug'urta qilish polisidan foydalanadi.

Sug'urta qildiruvchining arizasi ko'rib chiqilganidan va kredit qaytarilmaganligi aniqlangandan so'ng, qarz oluvchi, qarz beruvchi va sug'urtalovchi o'rtasida 3 tomonlama,
3 nusxada dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma sug'urtalovchining javobgarligi yuzaga kelganidan so'ng 3 kun ichida tuziladi. Dalolatnoma sug'urtalovchining amaldagi qonunchilikka asosan sug'urta to'lovini to'lash yoki rad etish huquqi mavjud bo'lgan mas'ul xodimi tomonidan imzolanadi.

Sug'urtalovchi tomonidan naf oluvchiga (bankka) sug'urta to'lovi amalga oshirganidan so'ng sug'urta qildiruvchiga kreditorlaridan (sug'urta hodisasi yuzaga kelishida aybdor) kelib tushgan mablag'lar sug'urta qildiruvchi tomonidan sug'urtalovchining hisob raqamiga to'langan sug'urta to'lovi uchun o'tkazilishi shart.

Avtotransport vositasining yo'qotilishi yoki shikastlanishi riski bo'yichasug'urta qildiruvchi sug'urta hodisasi yuz bergani o'ziga ma'lum bo'lganidan keyin bu haqda darhol
(72 soat ichida) Sug'urtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi shart. Ushbu majburiyatning bajarilmasligi sug'urtalovchiga, agar sug'urtalovchi sug'urta hodisasi yuz berganini o'z vaqtida bilganligi, yoxud bu haqda sug'urtalovchida ma'lumotlar yo'qligi uning sug'urta tovonini to'lash majburiyatiga ta'sir etmasligi isbotlanmasa, sug'urta tovonini to'lashni rad etish huquqini beradi.

Hodisa to'g'risidagi arizada sug'urta qildiruvchi quyidagilarni ko'rsatadi:

- hodisaning sanasi va tafsilotlari;

- hodisa yuzaga kelganda sug'urta qildiruvchining amalga oshirgan harakatlari;

- shikastlangan mazkur avtotransport vositasining boshqa sug'urta shartnomalari asosida sug'urtalanganligi yoki yo'qligi to'g'risida;

- uchinchi shaxslardan olingan zarar kompensasiyasining miqdori.    

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

Avtotransport vositasi yo'qotilganda:

a) sug'urta qildiruvchi tegishli organlarni (yo'l harakati xavfsizligi organlari, ichki ishlar, yong'in xavfsizligi organlari va hokazo) yuz bergan hodisa to'g'risida xabardor qilganligi va yuz bergan hodisa bo'yicha tergov (tekshiruv) ning borishi to'g'risida ma'lumotnoma;

b) sug'urta polisi.

Avtotransport vositasi shikastlanganda:

a) tegishli organlarning (yo'l harakati xavfsizligi organlari, ichki ishlar, yong'in xavfsizligi organlari va hokazo) vakolatli vakillari tuzgan, hodisaning ishtirokchilari va holatlari ko'rsatilgan dalolatnomaning (qaror yoki ma'lumotnomaning) asl nusxasi;

b) yo'l harakati xavfsizligi organlari voqea joyini ko'zdan kechirishi bayonnomasining nusxasi va YTH ning sxemasi;

v) baholash faoliyatni amalga oshirish uchun lisenziyaga ega bo'lgan mustaqil baholash tashkilotining avtotransport vositasini tiklash uchun zarur bo'lgan ishlarning ro'yxati ko'rsatilgan kalkulyasiyasining nusxasi;

g) alkogolli, giyohvandlik, toksik yoki istalgan turdagi mastlik holatini aniqlash bo'yicha hodisa ishtirokchilarining sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi;

D) sug'urta polisi.

Sug'urtalovchi sug'urta hodisasining holatlariga bog'liq holda qo'shimcha ma'lumot va hujjatlarni (pasport, avtotransport vositasining texnik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, boshqarish huquqi yuzasidan ishonchnoma va hokazo) talab qilishga haqlidir.

Sug'urta qildiruvchining arizasi berilganidan keyin 3 kunlik muddatda sug'urtalovchi tomonidan sug'urta qildiruvchining ishtirokida shikastlangan avtotransport vositasini ko'zdan kechirish dalolatnomasi tuziladi. 

Sug'urta hodisasi to'g'risida dalolatnoma barcha kerakli hujjatlar olinganidan va sug'urtalovchi tomonidan tegishli qaror qabul qilinganidan keyin tuziladi. Uni tuzish uchun sug'urtalovchi, zarur bo'lganda, sug'urta hodisasi bilan bog'liq bo'lgan ma'lumotlarni huquqni muhofaza qilish organlaridan va sug'urta hodisasining holatlari to'g'risida ma'lumotga ega bo'lgan boshqa muassasalardan so'rab oladi, shuningdek sug'urta hodisasining sabablarini va holatlarini mustaqil aniqlash huquqiga ega.

Sug'urta tovoni to'lanadi:

a) avtotransport vositasi o'g'irlangan yoki to'liq nobud bo'lgan holda - sug'urta shartnomasida ushbu avtotransport vositasi uchun ko'rsatilgan to'liq sug'urta puli summasi miqdorida;

b) avtotransport vositasi shikastlangan holda - avtotransport vositasiga etkazilgan moddiy zarar miqdorida.   

Sug'urta tovoni summasiga shuningdek (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lganda) sug'urta qildiruvchining avtotransport vositasini qutqarish va eng yaqin ta'mirlash shahobchasiga yoki doimiy yashash manziliga tashish xarajatlari, kalkulyasiyani tuzish va foto (video) suratga olish uchun xarajatlari kiritiladi.

Sug'urta tovoni miqdori sug'urtashartnomasida/polisida belgilangan sug'urta puli summasidan oshmasligi lozim.

Sug'urta tovoni sug'urtalovchi tomonidan u barcha kerakli hujjatlar olganidan va sug'urta hodisasi e'tirof etilganidan keyin 10 bank kuni ichida to'lanadi.

Sug'urta tovoni arizada ko'rsatilgan naf oluvchi sug'urta qildiruvchining bank hisob raqamiga pul mablag'larini o'tkazish yo'li bilan amalga oshiriladi.