КРЕДИТНИ СУҒУРТА ҚИЛИШ

 

Sug'urtalovchi mazkur sug'urta shartnomasi shartlari va/yoki ushbu sug'urta shartnomasining ajralmas qismi bo'lgan qo'shimcha kelishilgan shartlar, istisnolar va ilovalarga muvofiq sug'urta qildiruvchi yoki naf oluvchi sug'urta mukofotini mazkur sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan miqdor va muddatlarda to'lash majburiyatini olishi sharti bilan ko'rsatilgan tartib va hajmda sug'urta qildiruvchi va/yoki sug'urta tovoni olishga huquqi bo'lgan shaxsga shartnomada ko'rsatib o'tilgan sug'urta hodisasi yuz berganda ushbu hodisa natijasida yuzaga kelgan zararni qoplash majburiyatini oladi. Bunda sug'urta qildiruvchi sug'urtalovchiga sug'urta shartnomasining predmeti yuzasidan taqdim etgan ariza-so'rovnomasi to'g'ri ma'lumotlarga ega ekanligini va mazkur sug'urta shartnomasining ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydi.  

 

SUG'URTA HODISASI

Ushbu sug'urta shartnomasiga muvofiq quyidagi hodisalar, sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan istisnolardan tashqari, sug'urta hodisasi hisoblanadi:

Sug'urta qildiruvchi bankrotligi:

Mazkur sug'urta shartnomasiga ko'ra, sug'urta qildiruvchi bankrotligi (iqtisodiy nochorligi) - bu, "bankrotlik to'g'risidagi" O'zbekiston Respublikasi Qonuniga ko'ra, iqtisodiy sud tomonidan e'tirof etilgan, qarz oluvchining pul majburiyatlari bo'yicha kreditorlar talablarini to'la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to'lovlar bo'yicha o'z majburiyatini to'la hajmda bajarishga qodir emasligi.

SUG'URTA TOVONINI TO'LASH TARTIBI VA SHARTLARI

Sug'urta shartnomasi shartlariga ko'ra, sug'urta hodisasi deb tan olinishini mumkin bo'lgan hodisa sodir bo'lsa, shuningdek, sug'urta qildiruvchi kreditning asosiy qismini yoki boshqa to'lovlarini o'z vaqtida to'lamasa, sug'urta qildiruvchi darhol, lekin voqea sodir bo'lganidan boshlab 5 (ish) kuni ichida o'ziga ma'lum holatlar va sabablarni ko'rsatgan holda sug'urtalovchining yuridik manziliga yoki pochta manziliga yozma ravishda xabar berishi shart.

Naf oluvchi kutish davri o'tganidan keyin hamda kredit qaytarishning turli ta'minotlari (garovga qo'yilgan mulk yoki garov huquqi, kafolat, kafillik yuzasidan pul mablag'larini undirish, boshqa sug'urta kompaniyalarining sug'urta polislari bo'yicha undirish, sug'urta qildiruvchining boshqa mulklarini undirish va sotish) bo'yicha huquqlarini to'liq realizasiya qilganidan so'ngina, kreditni qoplanmagan qismini sug'urtalovchidan qoplab berishni talab qiladi.

Naf oluvchi sug'urtalovchidan sug'urta tovonini olish talabi bilan murojaat qilgunga qadar sug'urta qildiruvchidan undirish choralarini to'liq ko'rishi zarur va faqat qarz oluvchining mol-mulki etarli bo'lmagandagina sug'urtalovchiga sug'urta tovonini to'lab berish to'g'risida talab qo'yish huquqiga ega. Sug'urta qildiruvchining mol-mulki majburiyatni bajarish uchun etarli emasligi davlat ijrochisining "sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasi birinchi qismining 5-bandi asosidagi ijro hujjatini undiruvchiga qaytarish to'g'risidagi qarori bilan tasdiqlanadi. Ushbu qoidalarga amal qilinmasligi sug'urtalovchiga nisbatan qilingan sug'urta da'vo ishini rad etish uchun asos bo'ladi.  

Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta tovoni to'lanishi uchun sug'urta qildiruvchi quyidagi xujjatlarni taqdim qilishi zarur:

- sug'urta qoplamasini to'lash yuzasidan da'vo arizasi;

- sug'urta polisi;

- sodir bo'lgan hodisaga tegishli xujjatlar (qarz oluvchining balansi (yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun – kassa va xisob-kitob daftari, joriy sana uchun hisob raqamidagi va boshqa hisob raqamlaridagi pul mablag'lari qoldig'i yuzasidan bank ma'lumotnomasi);

- Sug'urta qildiruvchining mol-mulki majburiyatni bajarish uchun etarli emasligini tasdiqlovchi davlat ijrochisining "sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasi birinchi qismining 5-bandi asosidagi ijro hujjatini undiruvchiga qaytarish to'g'risidagi qaroridan nusxa;

- sug'urta hodisasining sababi va tavsifini aniqlash uchun hamda regress talabi uchun zarur bo'lgan boshqa hujjatlar.

Sug'urtalovchi mavjud hujjatlardan kelib chiqib, qarz oluvchini to'lovga qobiliyatsiz deb baholab, davlat ijrochisining "sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni 40-moddasi birinchi qismining 5-bandi asosidagi ijro hujjatini undiruvchiga qaytarish to'g'risidagi qarorini kutmasdan ham sug'urta qoplamasini to'lash huquqiga ega. 

Sug'urta qildiruvchi sug'urta qoplamasini to'lash yuzasidan da'vo arizasi bergandan so'ng zarur hollarda komissiya tuziladi. Komissiya tarkibiga naf oluvchi, sug'urtalovchi, sug'urta qildiruvchi zarur bo'lgan hollarda vakolatli tashkilot vakillari kiritiladi.

Sug'urtalovchi sug'urta hodisasi sodir bo'lganligini tan olgan taqdirda, sug'urta hodisasi sodir bo'lishining sabablari va sug'urta tovonining miqdori aniqlanadi hamda sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnoma tuziladi. Sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnoma sug'urtalovchi uchun sug'urta qildiruvchiga sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan muddatlarda sug'urta tovonini to'lashga asos bo'ladi.

Agar zarar miqdori va sabablari yuzasidan tomonlar o'rtasida bahs paydo bo'lsa, mustaqil ekpertiza o'tkazilishi mumkin.

Sug'urta puli miqdoridan kam miqdorda sug'urta tovoni to'langan bo'lsa, sug'urta shartnomasi sug'urta muddatining oxirgi sanasigacha sug'urta puli va to'langan sug'urta tovoni farqi miqdorida amalda bo'ladi.

Sug'urtalovchining sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni rad etish to'g'risidagi qarori sug'urta qildiruvchiga yoki naf oluvchiga ular sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni so'rab murojaat etganlaridan keyin o'n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o'z ichiga olgan bo'lishi lozim.

Sug'urta shartnomasi bo'yicha zarar qoplangandan keyin sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchiga yoki kredit shartnomasiga muvofiq har qanday boshqa shaxs va/yoki tashkilotga nisbatan regress bo'yicha barcha huquqlarga ega bo'lishi shart. Sug'urta qildiruvchi ushbu regress huquqi yuridik kuchga ega bo'lishi uchun zarur barcha hujjatlarni rasmiylashtirishi va taqdim etishi hamda amallarni bajarishi shart.   

Sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchiga zararni qoplab bergandan keyin zararni o'rnini qoplash uchun har qanday manbaalardan tushgan (olingan) pul mablag'lari sug'urtalovchi va sug'urta qildiruvchi o'rtasida quyidagicha taqsimlanadi:

A) sug'urtalovchi sug'urta qildiruvchiga to'langan tovon mablag'larini sug'urta qildiruvchiga to'langan zararni, shu jumladan sug'urtalovchining o'rnini qoplashni amalga oshirish bo'yicha harajatlarini qoplagunga qadar oladi;

B) qolgan o'rnini qoplashdan tushadigan barcha mablag'lar sug'urta qildiruvchining bank hisob raqamiga yo'naltiriladi.

Sug'urta shartnomasida ko'rsatilgan o'rnini qoplash bo'yicha mablag'lar sug'urtalovchining hisob raqamiga kelib tushishi va taqsimlanishi lozim.  

Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta tovoni sug'urta da'vo arizasini ko'rib chiqish uchun zarur bo'lgan barcha xujjatlar taqdim qilingandan so'ng hamda sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnoma imzolangandan keyin 10 (o'n) bank kuni ichida to'lanadi.
Установите приложение на смартфон и работайте офлайн
+Установить Переводчик