ГАРОВГА ҚЎЙИЛАЁТГАН АВТОТРАНСПОРТ ВОСИТАЛАРИНИ  СУҒУРТАЛАШ


Mazkur sug'urta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sug'urtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sug'urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sug'urta hodisasi) sodir bo'lganda boshqa tarafga (sug'urta qildiruvchiga yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo'lsa, o'sha shaxsga, naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug'urtalangan avtotransport vositasiga etkazilgan zararni shartnomada belgilangan summa (sug'urta puli) doirasida qoplash (sug'urta tovoni to'lash) majburiyatini oladi.

Avtotransport vositasining O'zbekiston Respublikasi hududida to'xtab turgan holatda yoki harakatda bo'lgan vaqtida:

avtotransport vositasini olib qochish, o'g'rilik, bosqinchilik, yong'in, portlash, YTH (yo'l transport hodisasi), jismlarning urilishi, tabiiy ofatlar, uchinchi shaxslarning noqonuniy harakatlari natijasida zararlanishi, nobud bo'lishi yoki yo'qotilishi.

Sug'urta hodisasi ro'y berganda sug'urta qildiruvchi yoki naf oluvchi sodir bo'lgan hodisa haqida sug'urtalovchiga 3 (uch) kun ichida yozma ravishda xabarnoma beradi.

Sug'urta tovoni sug'urtalovchi tomonidan sug'urta qildiruvchiga yoki naf oluvchiga uning yozma ravishdagi arizasi, quyida ko'rsatilgan hujjatlar hamda sug'urtalovchi tomonidan tuzilgan sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnomaga asosan to'lanadi.

Sug'urta qildiruvchi o'z arizasiga quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:

Avtotransport vositasi yo'qotilganda:

ushbu hodisa bo'yicha tegishli organlar (DYHXX, ichki ishlar organlari, yong'in xavfsizligi xizmati va boshqalar)ning ma'lumotnomalari;
Sug'urta polisi.
avtotransport vositasi zararlangan yoki nobud bo'lganda:

tegishli organlar (DYHXX, ichki ishlar organlari, yong'in xavfsizligi xizmati va boshqalar)ning sodir etilgan hodisa va uning tafsilotlari to'g'risida tuzgan bayonnomasining tasdiqlangan nusxasi;
YTHda haydovchining qonida alkogol bor yoki yo'qligini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasi;
tegishli lisenziyaga ega bo'lgan baholovchi tashkilotning baholash hisoboti;
Sug'urta polisi nusxasi.
Yuqoridagi har ikkala holda quyidagi xujjatlarning ham nusxalari ilova qilinishi shart:

haydovchining pasporti;
haydovchilik guvohnomasi;
avtotransport vositasining texnik pasporti;
yo'l varaqasi (agar yuridik shaxs bo'lsa);
sug'urtalangan avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma;
Shuningdek, zararlangan avtotransport vositasining fotosurat yoki videotasmalari.

Sug'urtalangan avtotransport vositasini zararlanishi yoki yo'qotilishini keltirib chiqaruvchi sug'urta hodisasi ro'y berganda, hodisa tafsilotlari o'rganiladi.

Sug'urtalovchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar asosida avtotransport vositasiga etkazilgan zarar miqdori aniqlanadi va ma'lumotnoma tuziladi. Ma'lumotnoma tuzishda sug'urtalovchi hodisa tafsiloti to'g'risida tegishli organlar (DYHXX, ichki ishlar organlari, yong'in xavfsizligi xizmati, Gidrometeorologiya xizmati va boshqalar)dan hodisa bilan bog'lik bo'lgan ma'lumotlarni so'rab olishga, shuningdek sodir etilgan hodisa tafsiloti va sabablarini xolis aniqlashtirishga haqli

Tuzilgan ma'lumotnomalar sug'urta hodisasi tan olinganligi yoki tan olinmaganligini bildirmaydi va ma'lumotnomalar asosida sug'urta tovoni to'lanmaydi.

Sug'urtalovchi taqdim etilgan hujjatlarning to'g'riligini tekshirishi va zarur hollarda, hodisa tafsilotiga tegishli bo'lgan boshqa hujjatlarni talab qilishi mumkin.

Avtotransport vositasiga etkazilgan zarar miqdorini va sug'urta hodisasi ro'y berganligini isbotlash sug'urta qildiruvchi yoki naf oluvchi zimmasida bo'ladi.

Sug'urta tovoni haqiqiy etgan zarar miqdorida, lekin shartnomada belgilangan sug'urta pulidan oshmagan holda belgilanadi.

Sug'urtalovchi taqdim etilgan xujjatlarni o'rganib chiqib, sug'urta hodisasi ro'y berganligi yoki sug'urta hodisasi ro'y bermaganligi haqida qaror qabul qiladi. Qarorda sug'urta tovoni miqdori belgilanadi.

Sug'urtalovchining sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni rad etish to'g'risidagi qarori sug'urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni so'rab murojaat etganlaridan keyin 15 (o'n besh) kundan kechiktirmay xabar qilinadi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o'z ichiga oladi.

Sug'urta tovoni sug'urta hodisasini tan olish dalolatnomasi imzolangan kundan boshlab 5 (besh) bank ish kuni ichida naf oluvchining roziligiga binoan sug'urta qildiruvchiga yoki naf oluvchiga to'lab beriladi. Sug'urta hodisasi natijasida sug'urta qildiruvchi (jismoniy shaxs bo'lsa) vafot etgan taqdirda, sug'urta tovoni uning vorisiga shartnomada belgilangan tartibda to'lab beriladi.

Sug'urta tovoni sug'urta shartnomasiga asosan sug'urta qildiruvchining yoki naf oluvchining hisob raqamiga (jismoniy shaxs bo'lsa, shaxsiy hisob raqamiga) pul o'tkazish yo'li bilan amalga oshiriladi.

Sug'urta hodisasi ro'y berganda, sug'urtalangan avtotransport vositasiga etkazilgan zarar boshqa sug'urtalovchilar tomonidan qoplangan bo'lsa, sug'urta tovoni zararni qoplanmay qolgan qismi uchun to'lab beriladi.