БАҲОЛОВЧИЛАРНИНГ КАСБИЙ ЖАВОБГАРЛИГИНИ СУҒУРТАЛАШ


Sug'urta qildiruvchi sug'urta mukofotini ushbu shartnomada ko'rsatilgan miqdor va muddatlarda to'lashi evaziga kompaniya ushbu shartnomada nazarda tutilgan shartlarga va yoki ushbu shartnomaning ajralmas qismi hisoblangan qo'shimcha kelishilgan shartlar, istisnolar hamda ilovalarga muvofiq, sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qildiruvchiga etkazilgan zararni quyida keltirilgan hajmda va muddatda qoplash majburiyatini oladi.

Mazkur sug'urta turi ushbu shartnoma amalda bo'lgan davrda sug'urta qildiruvchining kasbiy faoliyatini sifatsiz bajarganligi yoki tegishli darajada bajarmaganligi natijasida zarar etkazganligi uchun yuridik javobgarligi yuzaga kelganda uning mulkiy manfaatlarini himoyalaydi.

Ushbu shartnoma doirasida kompaniyaga qo'yiladigan talabga asos bo'lishi mumkin bo'lgan voqea yuz bersa, sug'urta qildiruvchi kompaniyani darhol, lekin 48 soatdan kechiktirmay bu haqda xabardor qilishi va zarar aniqlangandan keyin 5 (besh) kun ichida kompaniyaga zararga ta'sir etgan sabablar va tafsilotlar ko'rsatilgan yozma ariza yo'llashi shart.

Sug'urta qildiruvchi kompaniyaga sug'urta tovoni to'lash haqida talab qo'yganda quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:

a) sug'urta polisining asl nusxasi;

b) lisenziya nusxasi;

v) sud qarori;

g) dalolatnomalar, mutasaddi idoralarning ekspert xulosalari, bayonlar, voqeaning yuz berishi fakti, tafsilotlari va sabablariga oid boshqa hujjatlar va materiallar.

 Kompaniyaga hujjatlarning hammasi taqdim etilmasa ham sug'urta hodisasini tan olish yoki olmaslik haqida qaror qabul qilishga haqli.  

Voqeaga taalluqli barcha tafsilotlarni o'rganib chiqqandan keyin kompaniya voqeani sug'urta hodisasi deb tan olishi yoki olmasligi haqida qaror qabul qiladi.

Kompaniya yuz bergan voqeani sug'urta hodisasi deb tan olsa, to'lanishi lozim bo'lgan sug'urta tovonining miqdori aniqlanib, sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnomada ko'rsatiladi.

Agar sug'urta hodisasi yuzasidan jinoiy ish, fuqarolik ishi yoki ma'muriy jazo qo'llanilishi bo'yicha ish qo'zgatilgan bo'lsa, kompaniya mutasaddi idoralar tomonidan tegishli qaror qabul qilingunga qadar sug'urta tovonini to'lash masalasini hal qilishni kechiktirishi mumkin.

Sug'urta qildiruvchining sug'urta tovoni to'lash haqidagi arizasi sug'urta tovoni to'lash masalasini hal etish uchun zarur hamma hujjatlar taqdim etilgandan keyin berilishi mumkin.

Naf oluvchi etkazilgan zarar to'g'risida da'vo bilan chiqqanda sug'urta qildiruvchi kompaniya roziligi bilan vakolatli organlarning bahsli masalalar bo'yicha ekspert bahosini va rasmiy izohini olishi va da'voni ko'rib chiqishga malakali mutaxassislarni jalb qilishi shart.

Zarar yuz berishi fakti va miqdori sug'urta qildiruvchining naf oluvchi oldidagi javobgarligi sud qarori bilan tasdiqlangan bo'lishi shart.

Sug'urta tovoni kompaniya tomonidan sug'urta da'vosini ko'rish mobaynida aniqlangan zarar miqdorida, ammo sug'urta pulidan oshmagan miqdorda to'lanadi.

Kompaniya sug'urta tovonini sug'urta qildiruvchi/naf oluvchiga sug'urta hodisasi to'g'risidagi dalolatnoma imzolangandan keyin 15 (o'n besh) kun ichida amalga oshiriladi.

Kompaniyaning sug'urta tovonini to'lashni rad etish to'g'risidagi qarori sug'urta qildiruvchi kompaniya talab qilgan barcha hujjatlar bilan sug'urta tovonini olish uchun murojaat etgandan keyin 15 (o'n besh) kundan kechiktirmasdan sug'urta qildiruvchiga xabar qilinishi va unda asoslangan rad etish sabablari ko'rsatilishi shart.

Sug'urta qildiruvchi kompaniya qaroridan norozi bo'lgan taqdirda da'voni hal etish uchun mustaqil ekspert tayinlanishini talab qilishi mumkin.

Bahsli masalalar yuzasidan ekspert xulosasi va vakolatli organlarning rasmiy tushuntirishlari o'rtasida ziddiyatlar yuzaga kelsa, yuridik javobgarlik yuzaga kelganligi va etkazilgan zararning miqdori masalasi sud orqali hal etilishi lozim.