BAXTSIZ HODISALARDAN KOMPLEKS SUG'URTALASH TURI

Sug'urtalovchi tomonidan sug'urta qildiruvchining xodimlarini baxtsiz hodisalardan sug'urta qilinishi. Sug'urta qilinganlar ro'yxati mazkur shartnomaning ajralmas qismi bo'lib ilova qilinadi.

Mazkur shartnomaga mos ravishda sug'urtalovchi, shartnomada belgilangan sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qildiruvchi, sug'urtalangan shaxs (naf oluvchi)ga sug'urta puli doirasida sug'urta tovonini to'lab berish majburiyatini oladi, sug'urta qildiruvchi esa shartnomada belgilangan muddatda, tartibda va hajmda sug'urta mukofotini to'lab berish majburiyatini oladi.

Baxtsiz hodisa natijasida sug'urtalangan shaxsning hoxish irodasiga bog'liq bo'lmagan mayiblanishi, jarohatlanishi yoki uning vafoti bilan hayoti va salomatligiga bog'liq bo'lgan mulkiy manfaatlari sug'urta ob'ekti hisoblanadi.

Sug'urta shartnomasi amal qilish davrida yuz bergan quyidagi hodisalar sug'urta hodisalari hisoblanadi:

Sug'urtalangan shaxsning baxtsiz hodisa tufayli mayiblanishi (jarohatlanishi);

Sug'urtalangan shaxsning hohish irodasiga bog'liq bo'lmagan holda kutilmagan hodisalar natijasida tananing jarohatlanishi, jarohatlanish natijasida tana a'zolarini ishlash funktsiyasini o'zgarishi yoki o'limga olib keluvchi hodisalar:

-kuyish, muzlab qolish, cho'kish, elektr toki va yashin urishi, tabiat hodisalari, portlash hamda hayvonlar tajovuzi, tishlashi, chaqishi natijasida shikastlanishlar, g'araz niyatli shaxsni hujumi, sug'urtalangan shaxsning yiqilishi yoki ustiga biror bir jismni tushib ketishi, jismning urilishi, transport vositalarining (avtomobil, poezd, tramvay va boshqalarni) ag'darilishi yoki ularning harakati vaqtida yo'l transport hodisalarida, mashina, mexanizmlardan va boshqa turdagi asboblardan foydalanayotganda olingan jarohatlar, tasodifan nafas olish yo'liga biror narsa tiqilib qolishi, zaharli o'simliklar, kimyoviy moddalar ta'sirida kuchli zaharlanish, tasodifan suyak sinishi, chiqishi, bo'g'im va to'qimalarning uzilishi, tana a'zolarining to'liq yoki qisman yo'qotilishi.

 Sug'urtalangan shaxsning baxtsiz hodisa tufayli vafoti (tabiiy o'lim, shamollash va kasallik tufayli vafot etishdan tashqari).

 Sug'urtalangan shaxsning ko'rsatilgan baxtsiz hodisalar natijasida vafot etishi.

-kichik bandda ko'zda tutilgan sug'urta hodisasi ro'y berganda sug'urtalangan shaxsga sug'urta tovoni miqdori davolash muassasasining hujjatlari asosida shikastlanish darajasi foizi hisobida aniqlanadi.  

Sug'urtalangan shaxs sug'urta hodisasi natijasida vafot etganda naf oluvchi shaxsga yoki sug'urtalangan shaxsning vorislariga sug'urta puli to'liq to'lanadi.                                                                                                                           

Sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta tovoni yoki sug'urta pulini olish huquqi shartnoma kimni foydasiga tuzilgan bo'lsa o'sha shaxsga, sug'urtalangan shaxs vafot etganda esa naf oluvchiga tegishli bo'ladi, naf oluvchi ko'rsatilmagan hollarda esa sug'urtalangan shaxsning qonun bo'yicha vorisiga tegishlidir.

Sug'urta shartnomasi bo'yicha sug'urta hodisasi yuz berganda, sug'urta qildiruvchi sug'urta hodisasi sodir bo'lgan vaqtdan 30 (o'ttiz) bank kunidan kechikmay Sug'urtalovchini ro'y bergan hodisa to'g'risida hodisani qayd etib qo'yish maqsadida yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Sug'urta hodisasi natijasida sug'urtalangan shaxs hayoti va salomatligiga zarar etganida sug'urtalangan shaxsga sug'urta tovoni miqdorida shifokor-ekspert xulosasi hamda davolash muassasasining hujjatlari asosida shikastlanish darajasi foizi hisobida aniqlanadi.  

Sug'urta hodisasi natijasida sug'urtalangan shaxs vafot etganda sug'urta puli to'liq shaxsiy sug'urta puli miqdorida aniqlanadi va naf oluvchiga to'lanadi. 

Sug'urta tovonini olish uchun sug'urtalovchiga quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

a) baxtsiz hodisa natijasida sog'liqqa zarar etganda:

-sug'urta polisi;

-Sug'urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning arizasi;

-jarohat tufayli davolanganligi to'g'risida davolash–profilaktika muassasasidan ma'lumotnoma yoki sug'urta hodisasi sabablari, sanasi, tashhisi, davolash diagnostikasi, davolanish davomiyligi ko'rsatilishi lozim bo'lgan boshqa tibbiy hujjat;

-zarur hollarda sug'urta hodisasi haqqoniyligi va holatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar, jumladan rentgen surati, tergov yoki sud idoralarining hujjatlari va boshqalar;

-shaxsni tasdiqlovchi hujjat.

b) baxtsiz hodisa natijasida vafot etganda:

-sug'urta polisi;

-Naf oluvchi shaxs (voris)ning arizasi;

-FXDYO bo'limi tomonidan berilgan o'lim to'g'risidagi guvohnoma yoki uning notarial idora tomonidan tasdiqlangan nusxasi;

-vorislik huquqiga egaligini tasdiqlovchi hujjat;

-shaxsni tasdiqlovchi hujjat.

Sug'urtalangan shaxsning yumshoq to'qimalari, qulog'i, ko'zi, siydik yo'llari, jinsiy a'zolari shikastlanganda sug'urtalangan shaxs taqdim etgan tibbiy hujjatlardan hulosa chiqarish uchun kerakli ma'lumotlar etarli bo'lmasa, jarohat olgan shaxs sug'urtalovchi tomonidan mutaxassis shifokor huzuriga yuborilishi mumkin.  

Sug'urta shartnomasi (sug'urta polisi) bo'yicha sug'urtalovchi sug'urta hodisasi yuz berganda sug'urta qildiruvchiga (sug'urtalangan shaxslarga) yoki naf oluvchi shaxsga shartlashilgan sug'urta puli yoki uning tegishli qismini Davlat ijtimoiy ta'minot pulidan qat'iy nazar to'la yoki qisman to'lashi lozim.

Yuz bergan baxtsiz hodisa sug'urta hodisasi deb tan olingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida sug'urta shartnomasi shartlariga ko'ra sug'urta tovonini to'lanadi.

Sug'urtalovchining sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni rad etish to'g'risidagi qarori sug'urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sug'urta tovonini yoki sug'urta pulini to'lashni so'rab murojaat etganlaridan keyin o'n besh kundan kechiktirmay xabar qilinadi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o'z ichiga oladi.

Sug'urta shartnomasi amal qilish davrida sug'urtalangan shaxs bo'yicha bir necha sug'urta hodisalari oqibatida to'lanadigan sug'urta tovoni to'lovining umumiy summasi shaxsiy sug'urta puli chegarasidan oshib ketmasligi lozim.

Sug'urta tovoni (sug'urta puli) sug'urtalangan shaxs (naf oluvchi)ning bankdagi hisob raqamiga pul o'tkazib berish orqali to'lanadi.